Har bir davlatning bayrog‘i, gerbi, madhiyasi – shu davlat suverenitetining ramzidir. Ushbu davlat ramzlari orqali biz o‘zligimizdan g‘ururlanamiz, ertangi kunga bo‘lgan ishonchimizni mustahkamlaymiz. O‘zida milliy-madaniy an’analarni mujassam etgan bayroq mamlakatimiz delegatsiyalarining xorijiy davlatlarga tashriflari chog‘ida, xalqaro maydonlardagi turli tadbirlarda, sport musobaqalarida yurtimiz ramzi sifatida baland hilpirab kelmoqda.
Bu yil O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilinganligiga 34 yil to‘ldi. Sana munosabati bilan O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti Nukus filiali tomonidan Qoraqalpoq davlat Yosh tomoshabinlar teatrida bayram tashkil etildi.
Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Madaniyat vaziri B.Temirbayev, O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori, professor B.Sayfullayev, professor-o‘qituvchilar, filial jamoasi va talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Dastlab O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Respublikasi madhiyalari yangradi. Shundan so‘ng, filial direktori v.v.b Q.Yusupov, shoir, qissaxon va jurnalist Xalila Davlatnazarov, Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti yuridik fanlari bo‘yicha falsafa doktori, PhD Sh.Burxanovalar so‘zga chiqib yig‘ilganlarni bugungi bayram bilan tabrikladi.
Tadbir filial professor-o‘qituvchilari va talaba-yoshlari tomonidan tashkil etilgan konsert dasturi bilan davom etdi.
![]()