«Navoiy kon-metallurgiya kombinati» aksiyadorlik jamiyati yoshlari va Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti talaba yoshlari Orol dengizi hududida saksovul ko‘chatlarini ekish eko aksiyasida ishtirok etish uchun Mo‘ynoq tumanida bo‘ldi.
Dastlab mehmonlarni tuman hokimligi va boshqa jamoat tashkiloti vakillari yuqori darajada kutib oldi. Unda tuman hokimining Yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari M.Jumaboyev, Yoshlar ishlari agentligi tuman bo‘limi boshlig‘i P.Umrzakov va O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti Nukus filiali direktori K.Yusupovlar so‘zga chiqib, ekologik barqarorlikni yaxshilash borasida olib borilayotgan ishlarga o‘z hissalarini qo‘shishga kelgan yoshlarga bu ezgu ishlarida muvaffaqiyatlar tiladi.
Shuningdek, tadbirda «Navoiy kon-metallurgiya kombinati» aksiyadorlik jamiyati homiyligida chop etilgan mo‘ynoqlik ijodkor yoshlarning ijodlari o‘rin olgan «Orolning asov to‘lqini» nomli she’rlar to‘plami va A.Navoiy asarlari o‘rin olgan adabiy kitob tuman hokimligiga sovg‘a sifatida topshirildi.
Shundan so‘ng, korxona yoshlari Orol dengizi hududida saksovul ko‘chatlarini ekish ishlarini boshlab yubordi.
![]()