Bugun O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti Nukus filialida «O‘zbekiston – ko‘p millatli, bag‘rikeng diyor» mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbir doirasida filialda ahillik va hamjihatlikda, do‘stona munosabatlarda tahsil olayotgan turli millat vakillari hisoblangan talaba-yoshlarning, shuningdek, yurtimizda faoliyat yuritayotgan milliy-madaniy markazlarning milliy ko‘rgazmalari, an’analari, urf-odatlari, milliy qo‘shiqlari va raqslari tadbir ishtirokchilari e’tiboriga havola etildi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining Jamoat va diniy tashkilotlar bilan aloqalar bo‘yicha o‘rinbosari A.Allaniyazov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nuroniylar jamg‘armasi raisi T.Abdijapparov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari T.Atamuratov, Respublika targ‘ibot guruhi a’zosi, yoshlar murabbiysi B.Sultanov, O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari qo‘mitasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy boshqarmasi mutaxassislari mehmon bo‘ldi.
Tadbirni filial direktori Q.Yusupov kirish so‘zi bilan ochdi va olib bordi. «O‘zbekiston – ko‘p millatli, bag‘rikeng diyor» mavzusidagi xalqlar do‘stligini tarannum etishga bag‘ishlangan festivalda mehmonlarimiz so‘zga chiqib, yurtimizda millatlararo totuvlik, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlash hamda ko‘p millatli vakillarning hamjihatlikda yashab kelayotgani bo‘yicha ko‘plab ma’lumotlarni aytib o‘tdi.
Bugungi kunda yurtimizda 130 dan ortiq turli millat vakillari ahil va inoq yashab, mehnat qilib, urf-odat va an’analariga hurmat bilan qarab, har bir millatga mansub bayramlarni keng nishonlashga alohida e’tibor qaratilgan. Ko‘pmillatli xalqimiz yagona maqsad, yagona g‘oya yo‘lida birlashib, yurtimizni ravnaq toptirish yo‘lida mehnat qilmoqda.
Tadbirda filial talaba-yoshlari tomonidan qardosh xalqlarning milliy qo‘shiq va raqslari ijro etilib, yig‘ilganlarga o‘zgacha zavq bag‘ishladi.
![]()