«NAVRO‘ZNI ULUG‘LASH – INSONNI ULUG‘LASH» MAVZUSIDA BAYRAM TADBIRI BO‘LIB O‘TDI

Muallif: ÓzMKÓMI Nókis filialı baspasóz xızmeti
Turkum: Yangiliklar
Sana: 17.03.2026

Sharq xalqining uyg‘onish fasli bo‘lgan «yangi kun,» «yangi yil» Navro‘z bayrami bu yil o‘lkamizga qutlug‘ qadam qo‘ymoqda. Yangilanish va yasharish ayyomi bo‘lgan Navro‘zni xalqimiz kun bilan tunning tenglashishi, tabiatning uyg‘onishi sifatida bu bayramni keng nishonlab kelmoqda.

Uch ming yildan ziyod tarixga ega bo‘lgan Navro‘z – o‘zida barcha milliy urf-odat, an’ana va qadriyatlarimizni mujassam etgani bilan xalqimiz uchun g‘oyat qadrli hisoblanadi. Bu yilgi Navro‘z bayrami yurtimizda «Navro‘zni ulug‘lash insonni ulug‘lashdir» shiori ostida umumxalq sayli tarzida ko‘tarinki kayfiyatda nishonlanmoqda.

Bugun O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti Nukus filialida teatrlashtirilgan bayram kechasi bo‘lib o‘tdi. Bayram tadbirida filial direktori Q.Yusupov so‘zga chiqib, yig‘ilganlarni bahor ayyomi – Navro‘z bayrami bilan samimiy tabrikladi.

Albatta, shunday musaffo osmon, tinchlik-osoyishtalik hukm surayotgan ona diyorimizga bayramlar yarashadi. So‘nggi yillarda mamlakatimizda hurmatli Prezidentimiz rahbarligida ijtimoiy-iqtisodiy hayotimizning barcha sohalarida tub islohotlar amalga oshirilib, jumladan ta’lim sohasiga ham yoshlarimizning o‘qib bilim olishi uchun barcha imkoniyatlar yaratib berilmoqda. Bu boradagi ishlarning amaliy ifodasi sifatida 2025-2026 o‘quv yilida yoshlarimiz uchun qo‘shimcha kvotalar ajratilishi, shuningdek, magistratura bosqichida o‘qiyotgan xotin-qizlarimizning shartnoma to‘lovlari davlatimiz tomonidan to‘lab berilmoqda.

Shuni alohida ta’kidlash lozimki, har yili bayram munosabati bilan Toshkent va Nukus shaharlarida o‘tkaziladigan tantanali bayram tadbirlarida filialimizning ijodkor yoshlari ham xalqimizning taniqli san’atkorlari qatorida o‘z konsert dasturlari bilan faol ishtirok etib, o‘zlarining ijodiy qobiliyatlarini namoyish etib kelmoqda. Albatta, shunday bilimli, iste’dodli yoshlarning yetishib chiqishi ularga ta’lim bergan ustozlar, qolaversa, jamoamiz uchun katta faxr hisoblanadi.

Bayram tadbirida turli milliy taomlarimizni, ajdodlarimizdan qolgan uy-ro‘zg‘or buyumlarini olib kelib ko‘rgazmada namoyish etdi. Bayram tomoshalari davomida milliy sport o‘yinlari bo‘lgan arqon tortish, tosh ko‘tarish va qo‘l kurashi kabi o‘yinlar o‘tkazilib, g‘oliblar taqdirlandi.

Bayram kechasida «Tumar» ansambli va talaba-yoshlar tomonidan tayyorlangan konsert dasturi yig‘ilganlar e’tiboriga havola etildi. Ochiq osmon ostida o‘tkazilgan teatrlashtirilgan konsert dasturi barchaning qalbiga zavq va ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.

Bayram tadbirida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari B.Allaxov va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kasb-hunar ta’limi agentligi direktori A.Ayapovlar ishtirok etdi.

Loading

Foydali manbalar

Загрузка...