Bugun Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatrida ko‘p yillar davomida san’at va madaniyat sohasida xizmat qilib, bugungi kunda yoshlarga ta’lim berib kelayotgan hurmatli ustoz, Qoraqalpog‘iston xalq artisti, «Do‘stlik» ordeni sohibi, professor S.Baltaniyazovning 70 yilligiga bag‘ishlangan yubiley kechasi bo‘lib o‘tdi.
Unda jamoat tashkiloti vakillari, san’at va madaniyat sohasi xodimlari, professor-o‘qituvchilar va talaba-yoshlar ishtirok etdi.

Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi qo‘mita raisi M.Atamuratov, O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy ishlarini qo‘llab-quvvatlash «Nuroniy» jamg‘armasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi boshlig‘i T.Abdijabbarov, filial direktori K.Yusupov va boshqalar so‘zga chiqib, S.Baltaniyazovning qoraqalpoq san’ati va madaniyati, shuningdek, fan-ta’lim sohasiga qo‘shayotgan ijodiy mehnatlarini alohida ta’kidladi.

Tadbirda ta’kidlanganidek, S.Baltaniyazov san’atimiz va madaniyatimiz jonkuyari, yoshlarning ardoqli ustozi hisoblanadi. Uning repertuaridan o‘rin olgan Ona Vatan, tug‘ilgan yer, muhabbat va do‘stlikni tarannum etuvchi xalq qo‘shiqlari muxlislar orasida keng tarqalgan. U so‘nggi yillarda sohada to‘plagan boy tajribasi natijasida O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti Nukus filialida ko‘p sonli shogirdlarni tayyorlab kelmoqda. Bugungi kunda ilm yo‘lida ham bir qator ilmiy ishlar yaratib, beshta o‘quv qo‘llanma va 30 dan ortiq ilmiy maqolalari nashrdan chiqdi.



Yubiley kechasi san’at ustalari va filial talaba-yoshlari tomonidan tayyorlangan konsert dasturi bilan davom etdi.
Filial matbuot xizmati
![]()