Til ijtimoiy aloqa vositasi sifatida inson va jamiyat hayotida muhim ahamiyat kasb etadi. Insoniyat til orqali fikrini ifoda etadi, faoliyat yuritadi hamda olamni taniydi. O‘z o‘rnida til vositasida maʼlumot almashinuvi hosil bo‘ladi.
Qadimiy va serjilo, sehr-u sinoat va teran mantiqqa boy ona tilimiz azaliy haqqiy sanalgan qadr-qimmatga, «Davlat tili» yuksak ehtiromiga, mustaqil O’zbekistonimizning muqaddas ramzlaridan biriga aylanganiga 34 yil to’ldi.
Yurtimizda bo’layotgan o’zgarish va yuksalishlar safida tilimiz taraqqiyoti ham erkin odimlamoqda, dunyo bo’ylab yangramoqda. 2020-yil 23-sentabrda davlatimiz rahbari BMTining oliy minbarida ilk bora davlat tili-o’zbek tilida nutq so’zlashi yutuqlaridan biridir.
Tilni asrash, tilni rivojlantirish- millatning yuksalishi demakdir. Ma’rifatparvar adibimiz Abdulla Avloniy aytganlaridek: «Har bir millatning borlig’ini ko’rsatadurg’on oyinayi hayoti til va adabiyotidir».
Til millatning hamiyatini, qadr-qimmatini, orzu-umidlarini, o’zligini topish qudratini, erkinlikka bo’lgan ishtiyoqini o’zida saqlaydigan, asrlar to’fonidan to’zg’itmay olib o’tadigan betakror va buyuk kuchdir.
O’zbek tilining «bobo tili» turkiy tildir. Turkiy til katta bir til oilasining umumiy nomidir. Tarixdan ma’lumki, turkiy qavmlar o’z davlatiga ega eng qadimgi xalqlardan biridir. «O’rxun-Enasoy obidalari» nomi bilan mashhur bitiktoshlarda ana shu tarixning badiiy aks etganligini butun dunyo ilm ahli o’qidi va bildi. «Kultegin», «Bilga xoqon», «To’nyuquq» qabrtoshlaridagi tarixiy, adabiy, badiiy ifodalar ona tilimizning ilk namunalaridandir.
Tilimiz jozibasidan ta’sirlanib, uning boy imkoniyatidan foydalanib, ilk turkiyshunos va tilshunos olim Mahmud Koshg’ariy «ikki poygachi ot kabi musoqalashadigan» turkiy til muhokamasiga bag’ishlangan qomusiy asari «Devoni lug’otit turk»ni qisqa fursatda yozib tugatdi. Birgina «Devoni lug’otit turk» emas, balki, buyuk bobolarimiz tomonidan jahon ma’naviy va adabiy hayoti taraqqiyotiga hissa qo’shgan juda ko’plab nodir asarlar yaratilgandir.
Adabiyotimizning so’nmas quyoshi Alisher Navoiy o’z asarlarini forsiy til soyasida siqilib qolgan ona tilimizda yozib, yuksak cho’qqilarga ko’tardi, sharaf va shonga burkadi. Fors-tojik shoiri Abdurahmon Jomiy ta’biri bilan aytganda, «Navoiy turkiyda ijod qilganiga forsiygo’y shoirlar shukronalar aytishdi». Navoiyning zabardast zamondoshi, shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur tarixiy, adabiy, badiiy, memuar asarlari bilan ona tilimizning benazir va betakror ekanligini dunyolarga tanitdi. Bugungi kunda, dunyo ahli tomonidan bu ikki bobomiz «shaxsi va asarlari» eng ko’p o’rganilgan va o’rganilayotgan ijodkor sanaladi.
Yana bir o`zbek adabiyotining yozuvchisi, o‘zbek romanchiligining asoschisi Abdulla Qodiriyning “O‘zbek tili kambag‘al til emas, balki o‘zbek tilini kambag‘al deguvchilarning o‘zi kambag‘al. Ular o‘z nodonliklarini o‘zbek tiliga to‘nkamasinlar”, — degan fikrlari naqadar asosli ekanligini o‘ylab qolasan bu fikrlari bilan o`zbek tilining so`zga boy ekanligini takidlamoqda.
Shunday adiblarimizdan Abdulla Qahhorning bir fikri kishini sergaklikka undaydi. Ya’ni, yozuvchi “Nima uchun ko‘cha harakati qoidasini buzgan kishiga militsiya hushtak chaladi-yu, butun bir tilni buzayotgan odamlarga hech kim hushtak chalmaydi?”, deya tilning sofligini saqlash masalasiga jiddiy e’tibor qaratgan.
Sevimli shoirimiz Erkin Vohidov esa shunday yozadi: «Til millatning bosh belgisi sanaladi. Til bor-millat bor. Til yo’q-millat yoq». Bizga bobolarimizdan bunyod etgan davlatu saltanatlari emas, yig’gan inju xazinalari «To’nyuquq», «Qutadg’u bilig», «Hibatul haqoyiq», «Qisasi Rabģuziy», «Muhabbatnoma», «Xamsa», «Boburnoma», «Zarbulmasal», «O’tkan kunlar», «Kecha va kunduz» kabi sanasa ado bo’lmas nodir namunalar meros qoldi.
Biz, internet asri odamlari, ming yillar oldin yaratilgan «Devoni lug’otit turk», besh yuz yil avval yozilgan Navoiy va Bobur asarlarini o’qishimiz-tilimiz barhayotligidandir.
Hurmatli zamondoshim, Yaratganning yaratiqlari orasida bizgagina tortiq etilgan, bobolarimizdan meros qolgan buyuk ona tilimizni asrab-avaylab, avlodimizga bekamu ko’st etkazish bizning buyuk va ma’suliyatli burchimizdir. Burchimizni faxr bilan ado etaylik.
Qudrat Yusupov,
Ijtimoiy fanlar kafedrasi o’qituvchisi.
![]()