Filialimizning «60211000-San’atshunoslik (kino san’ati va tahlili) » ta’lim yo‘nalishi 2-kurs talabasi Turganbayev Anvar Yevropa mamlakatlarida yozgi ta’til vaqtida ishlash va sayohat qilish imkonini beruvchi «Work & Travel» dasturiga hujjat topshirib, 2025 yilning iyun-avgust oylarida Germaniyaning Drezden shahrida qishloq xo‘jaligi ishlarida ishlash uchun borib keldi.
Anvar Germaniyada o‘tkazgan 3 oy davomida nemis xalqining madaniyati, turmush tarzi, tarixiy joylarida bo‘lib, qo‘shimcha daromad topish bilan birga Germaniya bo‘ylab sayohat qilish imkoniyatiga ham ega bo‘ldi. Shunday sayohatlari chog‘ida talabamiz Berlin, Myunxen, Leypsig hamda o‘zi yashagan Drezden shaharlarini tomosha qildi. Shuningdek, Germaniyaga qo‘shni bo‘lgan Fransiyaning poytaxti Parij shahriga ham sayohat qilib, mashhur Luvr muzeyi va Eyfel minorasini o‘z ko‘zi bilan ko‘rish baxtiga muyassar bo‘ldi.
Anvarning aytishicha, ushbu dastur doirasida yozgi ta’til vaqtida o‘zbekistonlik talaba-yoshlar Germaniya davlatida ham ishlash, ham Yevropaning mashhur shaharlariga sayohat qilish imkoniyati yaratiladi ekan. Bundan tashqari, turli davlatlardan ishlash uchun kelgan yoshlar bilan tanishish, ularning madaniyatini o‘rganish mumkin. Shu bois, talabamiz bu imkoniyatdan kelgusi yillarda ham foydalanib, qo‘shimcha daromad topib, ota-onasiga yordam berishni rejalashtiryapti. Ayni paytda Anvar kelgusi tashrifida germaniyaliklar bilan bemalol muloqot qilish maqsadida nemis tili kursida qatnashmoqda.
Filial matbuot xizmati.
![]()