Bugun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Turkiston jadidlik harakatining asoschisi, atoqli adib va jamoat arbobi, noshir va pedagog Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 150 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, “Mahmudxo‘ja Behbudiy va Turkiston madaniy muhitida yangilanish jarayonlari” nomli respublika ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazildi.
Tadbir Mahmudxo‘ja Behbudiy asarlarining yosh avlod intellektual va ma’naviy salohiyatini oshirish, shu asosda ularni Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari, chinakam vatanparvar insonlar etib tarbiyalash borasidagi o‘rnini oshirish maqsadida tashkil etildi.
Yig‘ilishda madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov, Madaniyatshunoslik va nomoddiy madaniy meros ilmiy-tadqiqot instituti direktori Botirjon Ergashev hamda Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati instituti rektori vazifasini bajaruvchi Eldor Shermanov, ilmiy-tadqiqot muassasalari, alloma faoliyati va merosi yuzasidan tadqiqotlar olib borgan olimlar, talaba yoshlar ishtirok etdi.
Muloqot chog‘ida Behbudiy va milliy ziyolilar, ularning merosiga e’tibor, kino-filmlar yaratilishi, chet ellardagi ilmiy merosini o‘rganish kabi masalalarga bag‘ishlangan ma’ruzalar qilindi. Uning bebaho merosini yanada kengroq o‘rganish va targ‘ib etish muhim ekani qayd etildi. Mahmudxo‘ja Behbudiy xotirasini abadiylashtirish, hayoti va faoliyatini chuqur tadqiq qilish, ilmiy va badiiy asarlarini keng ommalashtirishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.
Toshkentdagi Adiblar xiyobonida muazzam haykal o‘rnatilgani, Samarqand shahrida uy-muzeyi tashkil qilingani, iste’dodli dramaturglar uchun Mahmudxo‘ja Behbudiy nomidagi mukofot ta’sis qilingani shu yo‘ldagi yangi amaliy qadamlardan ekani haqida so‘z bordi.
![]()