12-fevral kuni Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Shveysariya hukumatining VET4UZ loyihasi, Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyatining TexVET loyihasi hamda DC dVET bilan hamkorlikda kasbiy ta’lim tizimida dual ta’limni rivojlantirish va ish beruvchilar bilan hamkorlikni kengaytirish masalalariga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.





















Tadbirda 15 dan ortiq xalqaro va mahalliy hamkor tashkilotlar, manfaatdor vazirlik va idoralar vakillari, ish beruvchi korxonalar hamda kasbiy ta’lim tashkilotlarining 60 nafardan ortiq vakillari ishtirok etdi.
Muhokamalarda dual ta’limni rivojlantirish, xususiy sektor va texnikumlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, mavjud muammolarni bartaraf etish hamda xalqaro ilg‘or tajribalarni integratsiya qilish masalalariga e’tibor qaratildi. Shuningdek, “World Café” shaklidagi munozaralar tashkil etilib, dual ta’lim tizimini O‘zbekistonda joriy etish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqildi.
Tadbir yakunida dual ta’lim strategiyasini shakllantirish, xususiy sektor ishtirokini kengaytirish va yoshlar bandligini oshirish bo‘yicha kelgusidagi rejalar belgilandi.
Shuningdek, 13-fevral kuni Shayxontohur tuman politexnikumi va “Nurtex” to‘qimachilik korxonasiga tashrif buyurilib, dual ta’limning amaliy jihatlari bilan tanishish rejalashtirildi.
![]()