OZODBEK NAZARBEKOVGA QIRGʻIZISTON XALQ ARTISTI FAXRIY UNVONI BERILDI

Muallif: ÓzMKÓMI Nókis filialı baspasóz xızmeti
Turkum: Yangiliklar
Sana: 05.09.2024

Oʻzbekiston va Qirgʻiziston prezidentlari ikki davlat madaniyat va sanʻat sohasi vakillarini faxriy unvonlar bilan mukofotladi.

Shavkat Mirziyoyevning 5-sentyabrdagi farmoni bilan Qirgʻizistonning madaniyat va sanʻat sohasidagi quyidagi ikki vakili faxriy unvon bilan mukofotlandi:

Oʻzbekiston Respublikasi xalq artisti faxriy unvoni bilan — T.Satilganov nomidagi Qirgʻiz milliy filarmoniyasining estrada-simfonik orkestri badiiy rahbari va bosh dirijori Omurbayev Nur Santashevich;

Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan artist faxriy unvoni — erkin ijodkor, komuz sozandasi Duyshenbek uulu Zakirbek.

Sadir Japarovning shu kuni imzolangan farmoni bilan Oʻzbekistonning madaniyat va sanʻat sohasidagi ikki vakiliga faxriy unvonlar berildi:

Oʻzbekiston Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekovga — Qirgʻiziston xalq artisti faxriy unvoni;

Yunus Rajabiy nomidagi Oʻzbek milliy musiqa sanʻati instituti “Anʻanaviy maqom ijrochiligi” kafedrasi katta oʻqituvchisi Farangiz Mahmudovaga — Qirgʻizistonda xizmat koʻrsatgan artist unvoni.

Hujjatda aytilishicha, ushbu unvonlar Qirgʻiziston va Oʻzbekiston oʻrtasida madaniyat va sanʼat sohasidagi doʻstlik va hamkorlikni mustahkamlashga qoʻshgan katta hissasi uchun berildi.

Loading

Foydali manbalar