Rektor va yoshlar

Muallif: ÓzMKÓMI Nókis filialı baspasóz xızmeti
Turkum: Yangiliklar
Sana: 18.11.2025

O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori, professor Nodirbek Sayfullayev institut professor o’qituvchilari bilan birgalikda Qoraqalpog’iston Davlat Yosh tomoshabinlar teatriga tashrifi davomida bu yerda ta’lim jarayonlari qay tarzda yo‘lga qo‘yilganligi, ayniqsa Dual ta’limni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan batafsil tanishdi.

Uchrashuv chog‘ida filial rahbariyati tomonidan ma’lum qilinishicha, hozirgi kunda Nukus filialining “Rejissura san’ati” va “Aktyorlik mahorati” kafedralarining amaliyot bazalari Qoraqalpog’iston Davlat Yosh tomoshabinlar teatri huzurida tashkil etilgan. Natijada talabalarga o‘qish jarayoni bilan birga teatrda 0,5 stavkada amaliy faoliyat yuritish imkoniyati yaratilgan.

N.Sayfullayev ushbu ikki kafedra mudirlari va talabalari bilan suhbatda bo‘lib, ularning amaliy mashg‘ulotlari, teatr sahnasida olib borayotgan ijodiy ishlari bilan qiziqdi.

Suhbat davomida teatrda 0,5 stavkada ishlayotgan talabalar uchun barcha zarur sharoitlar yaratilganligi, ular amaliy darslarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri teatr sahnasida o‘tayotganliklari ta’kidlandi. Shuningdek, talabalar o‘qishni tamomlagandan so‘ng mazkur teatrda ish bilan ta’minlanish istiqbollari yuzasidan ham fikr almashildi.

Nodirbek Sayfullayev Dual ta’limning aynan san’at sohasi uchun naqadar muhim ekanini qayd etib, institutda ham ushbu yo‘nalishni rivojlantirish bo‘yicha izchil islohotlar olib borilayotganini ta’kidladi.

Suhbat yakunida professor Sayfullayev Nukus filialida olib borilayotgan ishlar, talabalarning amaliyotga keng jalb qilinayotgani, teatr bilan hamkorlikda yo‘lga qo‘yilgan dual ta’lim tizimidan mamnunligini bildirib, bu tajriba kelgusida boshqa kafedralarga ham bosqichma-bosqich joriy etilishi mumkinligini ta’kidladi.

Loading

Foydali manbalar

Загрузка...